Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xe mamlakat qurolli kuchlarini kuchaytirilgan jangovar holatga keltirishga ko‘rsatma berdi. Bu haqda u Seulda maslahatchilari bilan uchrashuvi chog‘ida ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
“Harbiylar istalgan payt javob zarbasi berishga tayyor turishi lozim. Biz Shimoliy Koreya tomonidan fitna uyushtirishga qaratilgan har qanday urinish ushbu tuzum o‘z-o‘zini yo‘q qilishiga olib kelishiga ishonchimiz komil bo‘lishi zarur. KXDR raketa-yadro dasturiga qarshi samarali choralarni ko‘rishimiz talab etiladi”, — deya ta’kidladi prezident.
Eslatib o‘tamiz, Koreya yarim orolidagi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar KXDR tomonidan 24-avgust kuni suvosti kemasidan ballistik raketa uchirilgandan so‘ng yanada taranglashdi.
Izoh (0)