Vatikanning olti nafar o‘t o‘chiruvchisi va olti jandarmi 24-avgust kuni Italiya markazida yuz bergan zilzila oqibatlarini bartaraf etishda qatnashmoqda, deb yozadi “TASS” Vatikan radiosiga tayanib. Ushbu xizmatlar xodimlari papa Fransisk buyrug‘iga binoan yuborilgan.
Radio efirida Vatikan yong‘in xizmati koordinatori aniqlik kiritishicha, uning xodimlari italiyalik hamkasblari bilan birga ishlab, Riyetidagi qutqaruv-qidiruv operatsiyasi qo‘mondonlik markaziga bo‘ysunmoqda.
U vatikanlik o‘t o‘chiruvchilar 2009-yilda Abrutssoda sodir bo‘lgan zilziladan so‘ng ham Italiyaga ko‘mak berganini eslatdi.
Zilzila Italiya markazida mahalliy vaqt bilan 03:36 da (Toshkent vaqti bilan 06:36 da) sodir bo‘ldi. 6,0 magnitudali yer silkinishi epitsentri Riyeti provinsiyasida 4 km chuqurlikda joylashgan edi.
24–25-avgust kunlari Italiyada mamlakat markazida ro‘y bergan zilzila qurbonlari xotirasiga milliy motam e’lon qilindi.
Izoh (0)