Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov migrantlarga kuryerlik faoliyati bilan shug‘ullanishni taqiqladi. Siyosatchi tegishli qarorni imzoladi.

Ma’lum qilinishicha, qaror Rossiya fuqarolarini ishga jalb qilishga qaratilgan.
Qaror yashirin bandlikka qarshi kurashish, kuryerlik sohasida xizmatlar sifati va xavfsizligini oshirish, shuningdek, Rossiya fuqarolariga, birinchi navbatda yoshlar va talabalar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan, deya ta’kidladi hokimiyat vakillari.
Ta’kidlanishicha, bu chora yetkazib berish bozoriga ta’sir ko‘rsatmaydi. Sababi sohadagi migrantlar ulushi yuqori emas. Ish beruvchilarga “kadrlar siyosatini moslashtirishlari” uchun uch oylik muhlat berilgan.
Bungacha Peterburgda 2025-yil oxirigacha migrantlarning taksichilik qilishi taqiqlangandi. Cheklov taksi xizmatlari sifati va xavfsizligini oshirishga, “Rossiya fuqarolarini ish bilan ta’minlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar” yaratishga qaratilgan.
Shunday cheklovlar boshqa hududlarda ham joriy etilmoqda. Masalan, Qrimda muhojirlar faoliyatiga oid qat’iy taqiqlar kiritildi. Mintaqa rahbari Sergey Aksenovning aytishicha, xorijliklarga faqat ikkita sohada: qurilish va turizmda ishlashga ruxsat berilgan. Faoliyatning 80 dan ortiq sohasi taqiq ostiga olingan.
2025-yil yanvar oyida Rossiyaning 49 ta mintaqasida (shu jumladan, anneksiya qilingan Ukraina hududlari) migrantlarning ishlashiga turli darajadagi cheklovlar joriy etilgandi. Amalda taqiq obyektlari asosan O‘zbekiston va Tojikistondan kelgan ishchilar bo‘lgan, deb yozgan edi “Verstka” nashri.
Izoh (0)