Nijniy Novgorod (Rossiya) shahri yaqinidagi Balaxnin tumani hududida 22—24-iyul kunlari ochiq osmon ostida bo‘lib o‘tgan Alfa Future people elektron musiqa va texnologiyalar festivalida yashin urishi tufayli bir kishi halok bo‘ldi, ikki kishi kasalxonaga yotqizildi. Bu haqda FVV mintaqa boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
“Hodisa haqida 24-iyul, yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan 16:45 da xabar berildi. Yashin tufayli bir erkak halok bo‘ldi, ikki qiz kasalxonaga yotqizildi”, — deya ta’kidladi matbuot xizmati.
Festival tashkiliy qo‘mitasiga ko‘ra, baxtsiz hodisa tadbir yakunlanganidan so‘ng, mehmonlar tarqalgan va maydonda asosan xizmat ko‘rsatuvchilar qolgan, kempinglar esa deyarli bo‘shagan payt sodir bo‘ldi. “Birdaniga qisqa muddatli momaqaldiroq aralash kuchli jala yopirildi. Dalaning ochiq hududida ketayotgan erkakni chaqmoq urdi. Bu yerdan 50 metr narida navbatchilik qilayotgan shifokorlar uni qutqarib qololmadi”, — deya ma’lum qildi qo‘mita vakillari.
Izoh (0)