2018-yil Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati saralashining uchinchi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi o‘quv-mashg‘ulotlarini Avstriyada o‘tkazmoqda. Yig‘in davomidagi ilk o‘rtoqlik uchrashuvi 13-iyul kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi. Ammo bu reja amalga oshmay qoldi, deb xabar bermoqda Championat Asia.
O‘zbekistonlik futbolchilar Chexiyaning “Yablonets” klubiga qarshi maydonga tushishi reja qilingandi. Uchrashuv Avstryaning Yenbax shahrida bo‘lib o‘tishi va mahalliy vaqt bilan 18:00 da (Toshkent vaqti bilan 21:00 da) boshlanishi kelishib olingan edi.
Ammo qattiq yomg‘ir tufayli o‘yin bekor qilindi. Klub rasmiy saytida yozishilicha, noqulay ob-havo sharoiti tufayli tomonlar o‘zaro kelishgan holda shu qarorga kelgan.
“Nima ham qila olardik, ob-havo bizga pand berdi. Bunday sharoitda uchrashuvni o‘tkazish futbolchilar salomatligini xavfda qoldirish demakdir. Aynan shu sabab o‘yinni bekor qildik”, — deb yangilikka izoh berdi “Yablonets” murabbiyi Zdenko Frtala.
“Yablonets” Avstriya yig‘ini doirasida Angliyaning nomdor jamoasi “Everton”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishni ham rejalashtirgan.
Izoh (0)