15–17-iyul kunlari Xiva shahrida “Raqs sehri” xalqaro raqs festivali o‘tkaziladi. Bu haqda “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad chet ellik mehmonlarni “O‘zbekistonning o‘ziga xos madaniy-tarixiy yodgorliklari va qadimgi urf-odatlari” bilan tanishtirishdir.
Festivalda chet el raqs dastalari, respublikaning turli mintaqalari vakillari bo‘lmish guruh va ansambllar ishtirok etadi, bular orasida “O‘zbekiston” (Toshkent shahri), “Ayqulash” (Qoraqalpog‘iston), “Xorazm raqs” (Xorazm viloyati) jamoalari bor. Tadbir mehmonlari — diplomatik korpuslar hamda xorijiy turistik kompaniyalar vakillari.
Festival chog‘ida “O‘zbekraqs” ijodiy jamiyati Badiiy akademiya bilan hamkorlikda “O‘zbekiston raqs san’ati tarixi” fotoko‘rgazmasini tashkil etadi.
Shuningdek, festival doirasida ijodiy uchrashuvlar, teatrlashtirilgan chiqishlar, qo‘g‘irchoq teatrlari tomoshalari, milliy liboslar paradi, ART-bozor va milliy taomlar festivali uyushtiriladi.
Izoh (0)