Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim Turkiya Rossiyaga urib tushirilgan Su-24 uchun tovon puli to‘lashga tayyorligini ma’lum qildi, deb yozadi “Gazeta.ru”.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Vladimir Putinga yo‘llagan maktubida Rossiyaning urib tushirilgan Su-24 samolyoti uchun uzr so‘raganini ma’lum qildi. Turkiya yetakchisi Su-24 uchuvchisining halokati munosabati bilan hamdardlik so‘zlarini izhor etdi.
“Xatning mazmuni tushunarli. Biz hamdardlik bildirdik va zarur bo‘lsa, [urib tushirilgan samolyot uchun] tovon puli to‘laymiz. Ikkala mamlakat ham munosabatlar normallashishini istaydi. O‘ylaymanki, ishlar yaxshilanib boradi”, — dedi Yildirim.
2015-yilning 24-noyabr kuni Turkiyaning F-16 qiruvchisi Rossiyaning Su-24 samolyotini urib tushirdi. Rasmiy Anqara Rossiya harbiy samolyoti Turkiya havo chegarasini buzganligini e’tirof etmoqda, Kreml esa buni rad etib, havo kemasi Suriya hududidan o‘tmaganini uqtirmoqda.
Samolyot uchuvchisi Oleg Peshkov katapulta yordamida kemani tark etdi, ammo havodaligida qurolli shaxslar tomonidan otib tashlandi. Unga o‘limidan so‘ng Rossiya Qahramoni unvoni berildi.
Bu voqea Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning keskin yomonlashuviga sabab bo‘ldi.
Izoh (0)