Qozog‘istonda 20-may, juma kuni Toshkent vaqti bilan 2:00 dan 3:00 gacha yirik xalqaro servislar, jumladan, Facebook, Twitter, “VKontakte”, WhatsApp, Viber va YouTube ochilishdan to‘xtagan, Telegram qisman ishlagan. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
Keyingi soatda — 3:00 dan 4:00 gacha Olmaotada umuman internet ishlamagan, poytaxt Ostonada ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar ishlamagan, biroq saytlarga mobil vositalar orqali kirish mumkin bo‘lgan.
Blokirovkalarning aniq sababi ma’lum emas, biroq mahalliy aholi buni 21-may, shanba kuniga mo‘ljallangan Qozog‘istondagi yer islohotlariga qarshi mitinglar bilan bog‘lamoqda. Mazkur sanada o‘tkaziladigan norozilik namoyishlari haqidagi ma’lumot oxirgi oy ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Yer kodeksiga kiritilayotgan tuzatishlar mohiyatini aholiga yetkazib berolmagani uchun milliy iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi vazirlari, hukmron “Nur Otan” partiyasidagi o‘rinbosarini iste’foga chiqargani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)