Bugun, 26-avgust kuni Koreyaga noqonuniy ravishda ishga yuborish bilan shug‘ullangan Migratsiya agentligi xodimlari ushlangani to‘g‘risida xabar tarqaldi. Agentlik mazkur xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari agentlikning ikki nafar xodimini jami 56 ming dollar olayotgan paytda ushlagan. Ular xizmat mavqeyidan foydalanib, bir guruh fuqarolarni Koreyaga ishga yuborish taklifi bilan aldab, pulini olgan. Ikki xodim 2024-yilda 80 nafardan ortiq fuqarodan qariyb 700 ming dollardan ortiq pul olib, ularni hozirgacha sarson qilib yurgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ketmoqda.
Migratsiya agentligi mazkur xabar yuzasidan munosabat bildirib, jinoyatga qo‘l urgan xodimlar harakatlarini keskin qoraladi.
Agentlik munosabatida 2024-yil 17-oktyabrdan boshlab Koreyaga E–9 vizasi uchun hech qanday tanlovlar o‘tkazilmagani keltirilgan.
“Ayrim xodimlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklardan keyin, Migratsiya agentligi faoliyatida Janubiy Koreyaga yuborish bilan bog‘liq kadrlar, shu jumladan, Seuldagi vakolatxonada faoliyat yuritgan barcha xodimlar to‘liq o‘zgartirildi. Agentlik xodimlari orasida o‘z kasbiga xiyonat qilgan, fuqarolarning ishonchi va haq-huquqlarini suiisteʼmol qilgan shaxslarning harakatlari keskin qoralanadi”, deyiladi manba munosabatida.
Agentlik o‘z faoliyati bilan bog‘liq shubhali holatlar yoki qoidabuzarliklarga guvoh bo‘lgan fuqarolardan murojaat qilishni so‘ragan.
Izoh (0)