Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida chorva mollari orasida maymunchechak tarqalgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan “Zamon” informatsion dasturida maʼlumot berildi.
Qayd etilishicha, ushbu kasallik ortidan viloyatda chorva, asosan yirik shoxli mollar nobud bo‘lib, ularning egalari bundan iqtisodiy zarar ko‘rganini bildirishgan.

“Maymunchechakmi deyishdi-da, boshida lo‘nda-lo‘nda bez bo‘lar ekan. 76 yoshga kirib, bunday kasallikni ko‘rganim yo‘q edi”, degan fuqarolardan biri.
Xalq tilida maymunchechak nomini olgan ushbu kasallik bilan kurashishga urinayotgan qoramol egalari davo topa olmayotganlarini, urinishlar doim ham ijobiy natija bermayotgani hamda mutaxassislardan shu paytgacha zarur tavsiyalar berilmayotganini bildirishgan.
Shahrisabz tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi mutaxassislari esa tumanda vaziyat barqaror ekani va chorvaning mazkur kasallik bilan kasallanganlik darajasi xususidagi maʼlumotlar qayd etilmaganini taʼkidlagan.
“Xalq tilida maymunchechak deb ataladigan kasallik aslida nodular dermatit kasalligi hisoblanadi. Hozirgi kunda xalqimizga shuni aytishimiz kerak-ki, hech qanday vahima qiladigan holati yo‘q. Vaksinalarimiz mavjud, viloyatimiz bo‘yicha vaksinatsiya qilish ishlarini 90 foizga erishganmiz. Viloyatimizdagi mavjud 1 mln 700 mingdan ortiq mollar uchun zaxiramiz yaratib qo‘yilgan”, degan viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Sodiqjon Mamadiyorov.
Mutaxassis asosan tog‘li hududlarda kuzatilgan mazkur kasallik zararli hasharotlarning chaqishi va tashuvchanligi ortidan ko‘payganini hamda uni uzog‘i bilan 7 kunda davolash mumkinligini, odamlarga yuqish holati esa mavjud emasligini aytgan.
Izoh (0)