17-may, seshanba kuni AQShning Nyu-York, Men, Vermont, Nyu-Gempshir va Rod-Aylend shtatlarida 400 ga yaqin kishi kichik meteorit qulashini kuzatdi, deb yozadi “TASS”. Atmosferada meteorit qoldirgan yorqin izni Vermont shtatidagi Berlington xalqaro aeroporti videokameralari ham qayd etdi.
Vashingtondagi Harbiy-dengiz observatoriyasi vakili Jeff Chester ma’lum qilishicha, meteorit hajmi bir necha o‘n santimetr bo‘lishi mumkin.
“Men shtatidagi Mineralogiya muzeyi ekspertlari taxmin qilishicha, meteorit ushbu shtatning shimoli-g‘arbiy qismidagi o‘rmonli hududga tushgan, — deb xabar beradi AP agentligi. — Muzey meteoritning kamida bir kilogrammlik bo‘lagini keltirgan kishiga 20 ming dollar mukofot puli berilishini e’lon qildi”.
Izoh (0)