AQShning Merilend universiteti tibbiyot maktabi tadqiqotchilari is gazidan zaharlanishga qarshi yangi antidot ishlab chiqdi. Asosi oqsildan iborat mazkur preparat haqidagi tadqiqot natijalari Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida chop etildi.

Is gazi yoqilg‘i yonishida hosil bo‘ladi va ayniqsa yopiq hududlarda, masalan, xonadonlardagi gaz jihozlari nosoz ishlaganda, benzin generatorlari yoki garajdagi avtomobil motorlari yonganda hayot uchun xavfli hisoblanadi. Uglerod oksididan zaharlangan bemorlar odatda kislorod terapiyasi bilan davolanadi va muolajadan keyin ham bemorlarning 50 foizi yurak yoki miya faoliyatidagi uzoq muddatli xastaliklarga duch keladi.
RcoM-HBD-CCC nomli yangi preparat esa “gubka” kabi ishlaydi: u qondagi is gazini tezda aniqlaydi va chiqarib yuboradi. Preparatning asosi Paraburkholderia xenovorans bakteriyasi ishlab chiqaradigan RcoM oqsili bo‘lib, u havodagi juda oz miqdordagi uglerod oksidini ham aniqlay oladi. Olimlar mazkur oqsilni shunday modifikatsiya qilishdiki, natijada u faqat is gazini bloklaydi, kislorod va boshqa kerakli molekulalarga ta’sir qilmaydi.
Sichqonlarda o‘tkazilgan tajribalarga ko‘ra, ushbu preparat qondagi is gazini eritrotsitlardan tezda ajratgan va siydik orqali chiqarib yuborgan. Eng muhimi, u arterial bosimga deyarli ta’sir qilmagan, bu esa bosimni keskin oshirib yuborishi mumkin bo‘lgan boshqa zaharlanishga qarshi antidotlardan farqlidir.
Tadqiqot mualliflaridan biri Mark Gledvinning aytishicha, bu kelajakda shoshilinch yordam bo‘limida yoki voqea joyida tezkor tomir ichiga yuboriladigan dori sifatida qo‘llanishi mumkin.
Is gazi kislorodga qaraganda gemoglobin bilan yuzlab marta mustahkamroq bog‘lanadi va natijada tananing to‘qimalariga kislorod yetib borishini to‘xtatadi. Yangi preparat esa uglerod oksidi molekulalarini “tutib olib”, gemoglobinni undan ozod qiladi va kislorodni to‘qimalarga yana tashish imkonini beradi.
Kelajakda RcoM-HBD-CCC nafaqat is gaz zaharlanishini davolashda, balki og‘ir kamqonlik, qon yo‘qotish yoki transplantatsiya oldidan organlarni saqlash jarayonida ham qo‘llanilishi mumkin.
Izoh (0)