Universal Mobile Systems mobil aloqa operatorini (Mobiuz) xususiylashtirish jarayonida 15 ta xalqaro va mahalliy kompaniyalar qatnashmoqda. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha xalqaro ochiq savdo 9-iyun kuni boshlangandi. 2025-yil 1-avgustga kelib bu borada AQSH, Yevropa, Arab davlatlari, Yaqin Sharq, Kavkazorti, Sharqiy va Markaziy Osiyo mintaqalaridan 15 ta xorijiy va mahalliy kompaniyalardan qiziqish bildirish to‘g‘risidagi arizalari (EoI) kelib tushgan.
Kompaniyalar quyidagi mezonlar asosida tahlil etildi:
- moliyaviy imkoniyatlarning yetarliligi;
- huquqiy to‘siqlar mavjud emasligi;
- jinoiy daromadlar va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi qonunchilikka rioya qilish holati;
- Yevropa ittifoqi, AQSH va xalqaro moliya institutlari sanksiyalari ro‘yxatlariga kiritilmagani;
- davlat kompaniyasi maqomiga ega emasligi.
Tahlil natijasiga ko‘ra, konsultantlar tomonidan barcha talabgorlarni Majburiyatga ega bo‘lmagan takliflar (NBO) ni taqdim etish bosqichiga o‘tkazish tavsiya etildi.
Ushbu bosqichda quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
- talabgorlar bilan axborotni oshkor etmaslik to‘g‘risidagi bitimlar (NDA) imzolash;
- konsultantlar tayyorlagan MobiUz faoliyati haqidagi umumiy va tahliliy maʼlumotlarni o‘z ichiga olgan axborot jamlanmasi (Information Memorandum), shuningdek, menejment tomonidan tasdiqlangan va mustaqil konsultant tomonidan maʼqullangan asoslarga ega moliya modeli (Financial Model) saqlanadigan virtual maʼlumotlar xonasiga (VDR) kirish imkoniyatini yaratish;
- talabgorlar tomonidan zarur tahlillar va MobiUzni faoliyatini o‘rganish imkoniyatlarini yaratish.
Konsultantlar tomonidan Majburiyatga ega bo‘lmagan takliflar (NBO) 2025-yil 15-oktabr soat 23:59 (Toshkent vaqti)ga qadar qabul qilinadi.
Mobiuz xususiylashtirilishi haqida
Kompaniya 2014-yilda Rossiyaning MTS va O‘zbekiston davlat radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi o‘rtasidagi qo‘shma korxona sifatida tashkil etilgan. Operatorning tashkil etilishi 2012-yilda MTSning sho‘ba korxonasi “O‘zdunrobita” litsenziyasi bekor qilinganidan keyingi kelishuvlarning bir qismi bo‘lgan. 2019-yildan boshlab Mobiuz to‘liq davlat nazoratiga o‘tgan.
2020-yilda Mobiuz’ni xususiylashtirishga tayyorlash rejalari e’lon qilindi. Oradan bir yil o‘tib, Mobiuz’ni 2023-yilning apreligacha xususiylashtirish rejalashtirilgandi. Ushbu kompaniyadagi davlat ulushini sotish vazifasi prezidentning 2025-yil 21-apreldagi qarorida ham belgilangan.
Fitch Solutions/BMI ma’lumotlariga asosan, 2024-yil oxirida Mobiuz’ning ulushi umumiy mobil foydalanuvchilar sonining 20,9 foizini, ya’ni mamlakatdagi 35,6 million abonentning taxminan 7,4 millionni tashkil etgan.
Bloomberg nashrining bitim tafsilotlari bilan tanish bo‘lgan ikki xabardor manbasiga tayanib yozishicha, O‘zbekiston mobil aloqa operatorini 300 mln dollarga sotishni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)