16-aprel, shanba kuni Pekinda ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov va Armaniston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Edvard Nalbandyan Armaniston Respublikasiga Shanxay hamkorlik tashkilotining muloqot bo‘yicha sherigi maqomini taqdim etish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. ShHT kotibiyatida bo‘lib o‘tgan marosim chog‘ida tashkilotga a’zo davlatlar diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi, deya xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.
ShHTning Muloqot bo‘yicha sherik maqomi to‘g‘risidagi nizomi hamda tashkilot doirasida amal qiladigan boshqa xalqaro shartnomalar va hujjatlarga ko‘ra memorandumda hamkorlikning o‘zaro manfaatli asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Mazkur memorandum imzolangan sanadan e’tiboran kuchga kirdi.
Shu tariqa ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining qator davlatlarga tashkilotning muloqot bo‘yicha sherigi maqomini taqdim etish to‘g‘risida 2015-yil 10-iyuldagi qarorlari to‘liq amalga oshirildi. Ilgariroq O‘zbekistonning ShHTdagi raisligi doirasida Kambodja Qirolligi, Ozarbayjon Respublikasi, Nepal Federativ Demokratik Respublikasi bilan tegishli memorandumlar imzolangan edi.
Ma’lumot uchun, hozirgi kunda ShHT 6 ta a’zo davlat (Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston), 6 ta kuzatuvchi davlat (Afg‘oniston, Belarus, Hindiston, Eron, Mo‘g‘uliston va Pokiston) va 6 ta muloqot bo‘yicha sherik davlatni (Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka) o‘z ichiga oladi.
Izoh (0)