Amerikaning Apple korporatsiyasi AQSh Federal qidiruv byurosi uning iPhone smartfonlaridan birini qanday buzib ochganini tez orada aniqlaydi va bunga kelajakda yo‘l qo‘ymaslik uchun choralar ko‘radi. Bu haqda kompaniya texnik mutaxassislariga tayanib, Reuters xabar berdi, deb yozadi “TASS”.
Kompaniya ta’kidlashicha, byuro ekspertlari foydalangan usul ma’lumotlar tarqab ketishi natijasida fosh bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Apple ushbu usul haqidagi ma’lumotlar sud talabiga binoan oshkor etilishi mumkinligiga umid qilmoqda. Har ikkala holatda ham Apple zudlik bilan o‘z qurilmasini xakerlik hujumidan himoya qilish uchun choralar ko‘radi.
Eslatib o‘tamiz, 16-fevral kuni AQSh sudi Apple korporatsiyasi Federal qidiruv byurosi xodimlariga “San-Bernardino mergani”ning telefonini buzib, undagi ma’lumotlarni olishda yordam berishi lozimligi haqida qaror qabul qildi. Korporatsiya rahbari Tim Kuk bunga javoban sud qaroriga rasmiy e’tiroz bildirilishini ta’kidlagan.
Keyinroq hukumat mutaxassislari boshqacha usul bilan, ma’lumotlarni o‘chirmasdan turib qurilmaga kirishga muvaffaq bo‘lgani, shu tufayli hukumat Apple yordamiga “endi muhtoj emas”ligi xabar berilgan edi.
Izoh (0)