Yoqutiston (Rossiya) poytaxti Yakutsk fuqarolari 50 daraja sovuqda qirg‘izistonlik tadbirkor va uning katta yuk mashinasi to‘la xurmolarini saqlab qoldi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Qirg‘izistonlikning mashinasi yo‘lda buzilib qoladi, shahardagi ulgurji tarmoqlar esa muzlayotgan mahsulotni qabul qilishdan bosh tortadi. Shunda yakutskliklar WhatsApp orqali sovuqda qolib ketgan kishiga ko‘mak berishga chaqirilgan xabarlarni tarqata boshladi.
“Mehnat’ ko‘chasida xurmoning besh xil navi sotilayotgan fura turibdi, to‘g‘ri, muzlagan, lekin juda shirin, kilogrammi 100 rubldan. Sotuvchi chetdan kelgan, yo‘lda mashinasi buzilgan, ulgurji tarmoqlar esa olishdan bosh tortgan. Unga odamning rahmi keladi — mashinasida yashayapti, bir amallab isinyapti, uyiga ketolmaydi. Kelinglar, shu kishiga mahsulotini sotishga yordam beraylik”, — deyilgan mazkur xabarda.
50 daraja sovuqda Yakutsk fuqarolari shahar chekkasida joylashgan “Mehnat” ko‘chasiga kelib, tezda barcha xurmolarni sotib oldi.
“Yoqutistonliklardan juda minnatdorman. Xurmolarni tashlab yuborishga to‘g‘ri kelsa kerak, deb o‘ylagandim, biroq mashinam buzilganidan ikki soat o‘tib, odamlar kelib, xurmo sotib ola boshladi, hatto navbat ham paydo bo‘ldi. Uch kun ichida hamma mahsulotimni sotib bo‘ldim”, — deya hikoya qiladi qirg‘izistonlik.
Izoh (0)