Orbitaga “Kvanmyonson-4” sun’iy yo‘ldoshini olib chiqqan Shimoliy Koreyaning “Inxa-3” eltuvchi raketasi bo‘laklaridan biri Xalqaro kosmik stansiya yonidan uchib o‘tgan, ammo u stansiyaga xavf solmagan. Bu haqda NASA’ga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Oldinroq raketa-kosmik sohasidagi manba “Inxa-3”ning ikkinchi bo‘lagi XKSdan 80 kilometr masofada uchib o‘tishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
“Bunday yaqinlashish bo‘lmadi, obyekt XKSga yetarli darajada yaqinlashmagani tufayli tahlil uchun ballistiklarimizni ogohlantirib o‘tirmadik”, — dedi NASA vakili.
KXDR “Kvanmyonson-4” sun’iy yo’ldoshi bo‘lgan eltuvchi raketani 7-fevral kuni Soxe poligonidan uchirdi. Raketaning birinchi qismi Janubiy Koreyaning Chejudo orolidan 410 km janubi-g‘arbga tushdi.
Eslatib o‘tamiz, AQSh armiyasi generali KXDRning sun’iy yo‘ldoshi Yer orbitasidan signal uzatmayotganligini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)