Checheniston poytaxti Grozniyda respublika rahbari Ramzan Qodirovni qo‘llab-quvvatlash maqsadida miting boshlandi, deb yozadi “Interfaks”.
Aksiya “Birlikdadir kuchimiz” deb nom oldi. “Grozniy TV” telekompaniyasi ta’kidlashicha, unda bir millionga yaqin kishi qatnashmoqda. Checheniston jurnalistlari aksiyani “Rossiyaning zamonaviy tarixidagi eng yiriklaridan biri” deb ta’riflamoqda.
Miting “Biz Vladimir Putin tarafdorimiz!”, “Biz Ramzan Qodirov tarafdorimiz!”, “Beshinchi kolonna yo‘q bo‘lsin!”, “Navalniy muvaffaqiyatsiz yo‘lni tanladi” kabi shiorlar ostida o‘tmoqda. Uning ishtirokchilari liberal OAVlar tomonidan Rossiyaga qarshi axborot urushi kuchayib borayotgani yuzasidan xavotir bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 12-yanvar kuni Qodirov jurnalistlar bilan uchrashuvda “tizimdan tashqaridagi muxolifat vakillariga xalq dushmanlari, xoinlar kabi munosabatda bo‘lish”, “bunday kishilarni ularning qo‘poruvchilik faoliyati uchun sud qilish”ga da’vat etgan edi.
Shundan so‘ng Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash 12-yanvar kuni muxolifatni “xalq dushmanlari” deya atagan Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning so‘zlarini lingvistik ekspertizaga jo‘natishi xabar berildi. Huquq muhofazachilari va jamoatchilik arboblari esa uni ushbu gaplari uchun iste’foga chiqarilishini talab qilib, ariza yozdi.
Keyinroq Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning bayonoti bo‘yicha Inson huquqlari kengash hisoboti ortiqcha muhokamalarning oldini olish uchun shaxsan Vladimir Putinga yetkazilishi ma’lum qilindi.
26-yanvar kuni esa “Yabloko” partiyasi faollari Ramzan Qodirovning iste’fosini talab qilib, miting uyushtiradi.
Izoh (0)