Amerika maxsus xizmatlari rahbariyati AQSh prezidenti Barak Obamaga bayram kunlari mamlakatning uchta yirik shahri — Nyu-York, Los-Anjeles va Vashingtonda teraktlar uyushtirilishi mumkinligi haqida xorijdan kelgan ma’lumotni yetkazdi, deb xabar beradi “TASS”.
Obama Rojdestvo ta’tilini o‘tkazish uchun Gavayiga yo‘l olishidan oldin maxsus xizmatlarning yuqori martabali vakillaridan mamlakatda Yangi yil arafasida xavfsizlikka tahdid solishi mumkin bo‘lgan holatlar yuzasidan brifing o‘tkazishni talab qildi. Yuqori martabali amaldorlar Rojdestvo va Yangi yil orasida Nyu-York, Los-Anjeles va Vashingtonda terakt sodir bo‘lishi mumkinligi haqida xorijdan kelgan ogohlantirishni prezidentga ma’lum qildi.
Bu xabar faqat bir manbadan kelib tushgan bo‘lishiga qaramay, hukumat unga jiddiy munosabatda bo‘ldi. FQB yuqorida tilga olingan shaharlarda xavfsizlikni ta’minlovchi xodimlari sonini oshirdi.
Yangi yil kuni millionlab odamlar yig‘iladigan Tayms-skverda 6 ming nafar politsiya xodimi navbatchilik qiladi.
Izoh (0)