O‘zbekistonda xalq sayillarini, konsert-tomosha va madaniy-ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda belgilangan talablarga so‘zsiz rioya etilishi yuzasidan nazorat kuchaytiriladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Bu haqda hukumatning 9-dekabr kungi “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (pdf)da aytiladi.
Qarorda Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obyektlarini muntazam ravishda xatlovdan o‘tkazish va texnik jihatdan tekshirish, shu jumladan, ularning muhandislik-texnik kommunikatsiyalari, yong‘inga qarshi, evakuatsiya inshootlari, yer osti yo‘llari va transport vositalarining to‘xtab turish joylari, dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari, texnik uskunalar, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan maxsus vositalarning hisoblangan zaxirasi va turlari holatini tekshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni o‘tkazish yuklatildi.
Ular ommaviy tadbirlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan, shuningdek, ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obyektlari joylashgan joylar va obyektlarning shart-sharoitlaridan kelib chiqqan holda favqulodda vaziyatlar bo‘yicha hududiy boshqarmalarning zarur maxsus vositalar va texnika bilan ta’minlangan malakali mutaxassislari ishga jalb etilishini ta’minlash topshirildi.
Izoh (0)