Janubiy Koreya moliyaviy nazoratchilari Samsung korporatsiyasining sho‘ba kompaniyalari — Samsung C&T va Cheil Industries qo‘shilishi bilan bog‘liq holatlar tekshiruvini boshladi. Korporatsiyaning to‘qqiz nafar yuqori martabali menejeri xizmat vakolatidan foydalanib daromad olishda gumon qilinmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Tekshiruvlar mazkur menejerlar 2015-yil aprel va may oylarida Cheil aksiyalarini ushbu kompaniya Samsung C&T'ga tegishli barcha aksiyalarni xarid etishini e’lon qilguniga qadar sotib olgani aniqlangach boshlandi.
2015-yil may oyida Cheil Samsung C&T'ni 8 milliard dollarga sotib oldi. Kelishuv shartlariga ko‘ra, sotib olinayotgan kompaniya aksiyadorlari Samsung C&T'ning har bir aksiyasi uchun Cheil Industries'ning 0,35 aksiyasiga ega bo‘lgan. Kelishuv haqida rasman e’lon qilingach, Cheil qimmatli qog‘ozlari narxi 19 foizga ko‘tarilib ketgan.
Izoh (0)