AQSh Maldiv orollaridagi hodisalar rivojidan, xususan, u yerda favqulodda holat rejimi joriy etilishidan “chuqur xavotirda”. Bu haqda davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Jon Kirbiga tayanib, “TASS” xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, favqulodda holat rejimi fuqarolik erkinliklari va inson huquqlari, “jumladan tinch yig‘ilishlar huquqi” bilan bog‘liq vaziyatga ta’sir qiladi. “AQSh Maldiv hukumatini favqulodda holatni bekor qilib, zudlik bilan o‘z fuqarolari uchun konstitutsiyaviy erkinliklarni amalga oshirishga qaytishga chaqiradi”, — deya ta’kidladi Kirbi.
Avvalroq mamlakat tashqi ishlar vazirligi Twitter’dagi sahifasida Maldiv orollarida 30 kunga favqulodda holat rejimi joriy etilgani haqida e’lon qilgan edi. Bunga “Maldiv orollarida milliy xavfsizlikka tahdid yuzaga kelgani” sabab qilib keltirilgan.
Izoh (0)