O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov barcha paxtakorlar va mehnatkashlarni Davlat paxta rejasi bajarilgani bilan tabrikladi. Tabrik matni O‘zbekiston Milliy axborot agentligida e’lon qilindi.
“Avvalo, siz, aziz dehqon va fermerlar, suvchi, agronom va mexanizatorlarni, barcha dala mehnatkashlarini g‘alla, paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha shartnoma majburiyatlarini ado etganingiz bilan samimiy muborakbod etishni o‘zim uchun katta sharaf deb bilaman”, — deyiladi tabriknomada.
Prezident joriy mavsumda 7 million 300 ming tonna g‘alla, 3 million 350 ming tonnadan ziyod paxta yetishtirilganini ta’kidlab o‘tdi.
“Eng muhimi, yetishtirilgan paxta hosili g‘oyat qisqa muddatlarda – 35—40 ish kunida yig‘ib-terib olingani, uning 90 foizi yuqori sortlarga topshirilgani kamdan-kam uchraydigan hodisa, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi”, — deya qayd etdi Islom Karimov.
“Bugungi xursandchilik kunda shartnoma majburiyatlarini birinchilardan bo‘lib bajargan Andijon, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, barcha viloyatlarimizning paxtakorlari mamlakatimizning yuksak xirmonini bunyod etishga munosib hissa qo‘shganini mamnuniyat bilan e’tirof etamiz”, — deyiladi tabrik xatida.
Prezident shu borada Amudaryo, Qorao‘zak, Paxtaobod, Buloqboshi, Olot, Romitan, Do‘stlik, Mirishkor, Kasbi, Qiziltepa, Mingbuloq, Namangan, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo, Sirdaryo, Bo‘ka, Yuqorichirchiq, Beshariq, Yozyovon, Toshloq, Xiva, Yangiariq, Qo‘shko‘pir tumanlari 20—25 ish kunida rejani ado etib, ko‘pchilikka o‘rnak va namuna bo‘lganini alohida qayd etdi.
Izoh (0)