O‘zbekiston va Polsha tovar aylanmasi 2015-yilning sakkiz oyi davomida taxminan 86 million dollarni tashkil qildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23 foizga kam demakdir. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Polsha elchixonasining savdo va investitsiyalarga ko‘mak berish bo‘limi boshlig‘i Yatsek Mixalski so‘zlariga ko‘ra, kamayish “jahon iqtisodiyotidagi tendensiyalar bilan bog‘liq”.
O‘zbekistonga eksport qilinadigan Polsha mahsulotlari orasida kimyo va neft-kimyo sanoati mahsulotlari yetakchilik qiladi. Yirik shoxli qoramol yetkazib berish ulushi 22 foiz, mashinalar, uskuna va texnologik mahsulotlar — 20 foiz, avtotransport texnikasi — 8 foizni tashkil qilmoqda.
O‘zbekistondan import qilinadigan tovarlarning 45 foizdan ortig‘ini paxta va uni qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlar, 25 foizini mineral mahsulotlar va 22 foizdan ziyodini kimyo sanoati korxonalari mahsulotlari tashkil qiladi.
Izoh (0)