AQShning Detroyt shahri cherkovlaridan biridagi ibodat marosimi chog‘ida amerikalik pastor unga hujum qilgan erkakni otib o‘ldirdi. Bu haqda xabar qilgan Detroit News ruhoniy va unga tashlangan shaxs avvaldan tanish bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Politsiya vakillarining ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi cherkovga qo‘lida g‘isht bilan kirgan va pastorga dag‘dag‘a qilgan. 25 yoshli Dinti Smit oldinlari ham cherkovga g‘isht ko‘tarib kelgan va ruhoniy uning bu xatti-harakatlari ustidan politsiyaga shikoyat qilgan.
Pastor Smitga bir necha bor o‘q uzgani aytilmoqda. Shundan so‘ng u jarohatlangan erkakka birinchi yordam ko‘rsatishga uringan, ammo bundan naf chiqmagan: Smit kasalxonaga yetkazilganida shifokorlar uning o‘lganini qayd etgan.
Ruhoniy politsiya tomonidan so‘roq qilingach, ayblov e’lon qilinmay qo‘yib yuborildi. Nashrning bildirishicha, Smit hodisadan bir necha hafta avval ijtimoiy tarmoqlarda xotini unga xiyonat qilgani va pastor bilan ikkovi farzand kutayotganini yozgan. Tergov ayni paytda bu ma’lumotni ham o‘rganmoqda.
Izoh (0)