Indoneziyaning Yava orolida 18-oktabr, yakshanba kuni yuz bergan o‘rmon yong‘ini oqibatida kamida olti kishi halok bo‘ldi, uch kishi jiddiy tan jarohati oldi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Associated Press agentligi tomonidan 19-oktabr kuni tarqatilgan xabarga ko‘ra, yong‘in balandligi 3 ming metr bo‘lgan tog‘ qiyaligidagi o‘rmonli hududda to‘satdan yuz berib, kamida 12 kishidan iborat sayyohlar guruhini g‘aflatda qoldirgan.
Hodisa orolning Sharqiy va Markaziy viloyatlari chegarasida yuz bergan. Xabar berishlaricha, alanga o‘chirilmagan gulxandan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Indoneziyada 17-oktabr kuni o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish bo‘yicha mamlakat tarixidagi eng yirik operatsiya boshlandi, unda o‘n minglab odamlar, shuningdek, 30 dan ortiq aviatexnika qatnashdi.
Avvalroq mamlakat prezidenti Joko Vidodo olov Kalimantan va Sumatra orollaridagi 1,7 million gektar maydonni yo‘q qilganini bildirgandi. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘inlar 28 million aholi turmushiga ta’sir qilgan, 47,5 milliard dollar zarar keltirgan.
Izoh (0)