AQSH prezidenti Rossiya bilan bo‘lgan munosabatlarda “sabr kosasi to‘lmoqda”. Donald Tramp Vladimir Putin ataylab Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarini cho‘zayotganiga ishonmoqda. Bu haqda AQSH davlat kotibi Marko Rubio 26-iyul, shanba kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Menimcha, u (prezident) shundan tobora ko‘proq asabiylashyapti: Vladimir Putin bilan juda yaxshi muloqot va telefon qo‘ng‘iroqlariga qaramay, bu hech narsaga olib kelmayapti. Shu sababli endi harakat qilish vaqti keldi, va menimcha, prezident juda aniq qilib bildirdi: u ko‘p toqat qila olmaydi. U Rossiya tomoni urushni tugatish uchun qandaydir chora ko‘rishini kutib, bundan buyon vaqtni boy berishni istamaydi”, dedi AQSH davlat kotibi.
Rubio: “Tramp tuzoqqa tushmaydi”
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Putin bilan muzokaralarni vaqt cho‘zish uchun olib borgan deb hisoblaydi: “Bu muloqotning katta qismi aslida vaqt yutishga va urushni cho‘zish taktikasidan foydalanishga qaratilgan edi”. AQSH prezidenti “bu tuzoqqa tushmaydi”, deya ta’kidladi Rubio.
“Eng avvalo, hammamiz AQSH prezidenti Donald Tramp tinchlikka e’tibor qaratayotganidan xursand bo‘lishimiz kerak. U urushlarni to‘xtatish, oldini olish va tinchlik kelishuvlarining bir qismi bo‘lishni hamma narsadan ko‘proq xohlaydi. Bu uning urushi emas, u bu urushni boshlamagan, uni meros qilib oldi. Va u bunga chek qo‘yish uchun qo‘lidan kelgan hamma narsani qildi”, dedi AQSH davlat kotibi.
Tramp Putinga Ukraina bo‘yicha bitim uchun 50 kun muddat berdi
14-iyul kuni NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan Oq uyda o‘tkazilgan muzokaralarda Tramp shunday dedi: agar yaqin 50 kun ichida (2-sentyabrgacha) Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuviga erishilmasa, AQSH hukumati Rossiyaning savdo hamkorlariga nisbatan qo‘shimcha 100 foizlik bojlar joriy qiladi.
Keyinroq AQSH prezidenti Ukrainadagi tinchlik muzokaralarida, jumladan, u bilan Putin o‘rtasida “doimiy muzokaralar” bo‘layotganini aytdi. Keyin esa raketalar Kiyevga uchib, odamlarni o‘ldiradi, - deya davom etdi Tramp.
“Raketalar Kiyevga uchib, odamlarni o‘ldirmoqda. Buni to‘xtatish kerak”, degan edi AQSH prezidenti. Uning qo‘shimcha qilishicha, “Putindan hafsalasi pir bo‘lgan” va u bilan bir necha oy oldin tinchlik kelishuviga erishishga umid qilgan.
Izoh (0)