Yaponiyaning Sapporo shahri huquqni muhofaza qilish organlari 6-sentabr, yakshanba kuni Yaponiyada istiqomat qiluvchi Koreya fuqarolari ligasi (Chxonryon)ga aloqador tashkilotlarning idoralarida tintuvlar o‘tkazdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Tintuvlar firibgarlik jinoyati amalga oshirilgani gumoni ostida o‘tkazilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Sapporodagi Chxonryonga aloqador bir necha kompaniya Yaponiya hukumati subsidiyalari bilan firibgarlik qilgan bo‘lishi mumkin. Xususan, ular Koreya fuqarolari uchun mo‘ljallangan maktab o‘qituvchilari ishsiz qolgani haqida yolg‘on ma’lumotlarni taqdim etgan.
2015-yilning may oyida Yaponiyada KXDRdan mahsulotlarni noqonuniy import qilish ishi bo‘yicha bir necha kishi hibsga olingan edi. Qo‘lga olinganlar orasida Yaponiyada istiqomat qiluvchi Koreya fuqarolari ligasi rahbarining o‘g‘li ham bor edi.
Chxonryon Yaponiyada istiqomat qiladigan va KXDRni qo‘llab-quvvatlaydigan va u yerda qarindoshlari bo‘lgan koreyaliklarning bir qismini o‘zida birlashtirgan. Tokio mazkur tashkilotni qat’iy nazorat qilib boradi, chunki u razvedka faoliyati bilan shug‘ullanadi, degan gumon bor. Chxonryon rahbariyati Pxenyandagi hukumat vakillaridir, tashkilot rahbari Xo Chon Man KXDR Oliy xalq majlisi (parlamenti) deputatidir.
Izoh (0)