Dunyoda har yili 1,5 million nafar bola oldini olish mumkin bo‘lgan yuqumli kasalliklardan vafot etadi, bunga ularning emlanmagani sabab bo‘ladi, deya xabar bermoqda “TASS“ Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga tayanib.
“O‘zlarini yoki farzandlarini o‘z vaqtida emlamaydigan yoki emlashdan bosh tortadigan kishilar immunizatsiya sohasida oldinga intilayotgan mamlakatlar uchun qiyinchiliklar tug‘diradi. Dunyoda har beshinchi bolaga hayot uchun muhim emlashlar qilinmaydi va har yili 1,5 million bola vaksina bilan oldini olish mumkin bo‘lgan kasalliklardan vafot etadi”, — deyiladi tashkilot xabarida.
Ta’kidlanishicha, emlashga bo‘lgan salbiy munosabat ularning samaradorligidan shubhalanish, muayyan vaksina haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lmaslik, shifokorlar yoki butun sog‘liqni saqlash tizimiga ishonmaslik kabi sabablardan kelib chiqadi.
Tashkilotdagilar emlash haqidagi barcha mish-mish va qo‘rquvlarga barham berish orqali aholi bilan ishlashni yaxshilashga umid qilmoqda.
Izoh (0)