Rossiyaga qarshi qaratilgan sanksiyalar uzoq davom etmaydi. Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning fikricha, G‘arb o‘zining iqtisodiy xavfsizligi yo‘lida bu sanksiyalarni bekor qiladi, deya xabar bermoqda “TASS”.
“Sanksiyalar uzoq davom etmaydi, deb o‘ylayman. Nima deyishlaridan qat’iy nazar, Rossiyasiz G‘arbga qiyin bo‘ladi. Oxir-oqibat, ular sanksiyalarni bekor qilish kerak, degan qarorga keladi. Bu qarorni o‘z iqtisodiy xavfsizliklari uchun qabul qiladi”, — dedi Qodirov.
Checheniston rahbarining fikricha, sanksiyalar “bir kishiga, alohida bir guruh odamlarga emas, balki butun bir xalqqa qarshi qaratilgan”.
“Biroq aholi bundan vahimaga tushmasligi kerak. Hammasi yaxshi bo‘ladi. Bu bilan tegishli tuzilmalar — Rossiya hukumati va boshqalar shug‘ullanmoqda. Men avval ham bir necha bor aytgandim — biz sanksiyalardan xulosa chiqarib, ularni o‘z foydamizga ishlatishimiz kerak. Ishonchim komil, bu masalada tez orada muvaffaqiyatga erishamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Ramzan Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, 30-iyul, payshanba kuni AQSh Ukraina sharqidagi voqealar va Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishi munosabati bilan Rossiyaga nisbatan joriy etilgan iqtisodiy sanksiyalar ko‘lamini yanada kengaytirdi.
Izoh (0)