WikiLeaks portalida AQSh Milliy xavfsizlik agentligi (MXA) Yaponiyada 35 nishonni kuzatib borganini tasdiqlovchi ma’lumotlar paydo bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Korrespondent.net”.
Portal ma’lumotlariga ko‘ra, MXA Yaponiya Vazirlar Mahkamasi, Yaponiya banki xodimlari va bir qator kompaniyalarni, xususan, Mitsubishi va Mitsui konglomeratlarini kuzatib borgan. Qayd etilishicha, MXA kuzatuv asosida olingan axborotni Avstraliya, Kanada, Buyuk Britaniya va Yangi Zelandiya bilan baham ko‘rgan.
Kuzatuv ishlari kamida 2006-yil sentabridan — Sindzo Abe Yaponiya bosh vaziri etib tayinlanganidan beri davom etib kelgan. Qayd etish joiz, Yaponiya hukumati hozircha mazkur axborotga hech qanday munosabat bildirgani yo‘q.
Avvalroq WikiLeaks’da AQSh Milliy xavfsizlik agentligi Germaniya, Fransiya, Braziliyaning yuqori martabali shaxslari ortidan kuzatuv o‘rnatganini tasdiqlovchi ma’lumotlar e’lon qilingan edi.
Izoh (0)