Yaponiyaning Nikkei mediakorporatsiyasi prezidenti Pearson kompaniyasidan FT Group’ni 844 million funt-sterling (1,32 milliard dollar) evaziga sotib olganidan so‘ng, Financial Times gazetasining tahririyat siyosatini hurmat qilishga va’da berdi. Bu haqda “RBC.ru” xabar bermoqda.
Yaponiyaning eng yirik mediaxoldingiga 2008-yildan beri rahbarlik qilib kelayotgan Suneo Kitaning so‘zlariga ko‘ra, “FT’ning falsafasi va qadriyatlari Nikkei’niki bilan bir xil”.
24-iyul, juma kuni Tokioda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani vaqtida Kita FT’ning “tahririyat siyosati saqlab qolinishini” ma’lum qildi. “FT FT’ligicha qoladi — uni almashtirib bo‘lmaydi”, — dedi u.
FT ma’lumotlariga ko‘ra, Nikkei gazeta nufuzini yanada oshirish maqsadida unga investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Kitaning so‘zlariga ko‘ra, korporatsiya FT’ni “yanada kuchli” qilmoqchi. Uning qo‘shimcha qilishicha, u nashr bosh muharriri Layonel Barberga to‘liq ishonadi.
Pearson kompaniyasi FT Group’ni Nikkei mediaguruhiga sotishga rozi bo‘lgani haqida kuni kecha ma’lum bo‘lgandi. Financial Times gazetasi va The Economist jurnali FT Group’ning asosiy aktivlari hisoblanadi.
Izoh (0)