Germaniya kansleri Angela Merkel va Fransiya prezidenti Fransua Olland yevrohudud mamlakatlari yetakchilarining favqulodda sammitini 7-iyul, seshanba kuni chaqirishni talab qildi. “RBC.ru”ning xabar berishicha, bunga Gretsiyadagi referendumda mamlakat aholisi kreditorlarning shartlariga “yo‘q”, deb javob bergani sabab bo‘lgan.
Reuters’ning o‘z manbalariga asoslanib xabar berishicha, Merkel va Olland Gretsiyadagi referendum natijalarini tan olish borasida kelishib olgan. Yevropa kengashi raisi Donald Tusk seshanba kuni kuni oqshomda yevrozona mamlakatlari yetakchilari sammiti chaqirilishini e’lon qilgan. “Men Gretsiyadagi referendumdan keyingi vaziyatni muhokama qilish uchun seshanba kuni, soat 18:00 ga yevrosammitni chaqirdim”, — deb yozdi Tusk o‘z tvitterida.
Yelisey saroyi vakilining Reuters’ga ma’lum qilishicha, 5-iyul, yakshanba oqshomida Gretsiyadagi referendum natijalari e’lon qilinganidan so‘ng, Olland o‘z jamoasi bilan, shuningdek, Yevrokengash rahbari Donald Tusk, Yevrokomissiyasi raisi Jan-Klod Yunker va Yevroparlament prezidenti Martin Shults bilan shoshilinch muzokaralar o‘tkazgan. Bungacha u telefonda Gretsiya bosh vaziri Aleksis Sipras bilan suhbatlashgan, biroq suhbat tafsilotlari ma’lum qilinmayapti.
Yakshanba kuni Gretsiyada bo‘lib o‘tgan referendumda aholining 60 foizdan ortig‘i qarzdorlikni tartibga solish bo‘yicha xalqaro kreditorlar tomonidan ilgari surilgan shartlarning mamlakat hukumati tomonidan qabul qilinishiga qarshi ovoz berdi.
Izoh (0)