Xitoy choyi tarixi ilgari taxmin qilinganidan ancha qadimiy bo‘lib chiqdi. Mahalliy olimlarning oxirgi izlanishlari hozirgi Xitoy hududida choy yetishtirish eng kamida 6 ming yil avval boshlanganidan dalolat bermoqda. Bu haqda China Daily gazetasiga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Chjetszyan madaniy boyliklar va arxeologiya tadqiqot markazi mutaxassislari sharqiy Xitoyning Tyanlo tog‘i atrofidagi qazish ishlari natijalarini tahlil qilib, shunday xulosaga keldi. Yoshi olti ming yil deya baholanayotgan choy tupi ildizlari olimlar diqqatini o‘ziga tortdi.
“Ildizlar atrofidagi tuproq qayta ishlov izlaridan darak berib turibdi, — deydi arxeolog Sun Gopin. – Bu esa o‘simliklar o‘z holicha o‘smaganligi, balki inson ekkanligidan dalolat”.
Shu paytga qadar tarixchilar choy o‘stirish va iste’mol qilish Xitoyda 3 ming yil oldin boshlangan, deb hisoblardi.
Izoh (0)