Bugun, 1-iyul kuni Qozog‘istonning ba’zi kanallari mamlakat prezidenti haqidagi hujjatli filmni efirga uzatadi, deya xabar bermoqda “Nur.kz”. Biroq filmdan parchalar internetda tarqalib ulgurdi.
Ulardan birida Nursulton Nazarboyev o‘z kuyovi Rohat Aliyevni jinoyati uchun javobgar qilganini esga oldi.
“Nima uchun odamlar uch nevaramning otasini qamab qo‘yganimni unutib yubordi? Ular ko‘zida yosh bilan yonimga kelmagan, deb o‘ylashadimi? Kelgan. Meni tashvish chekmagan, deb o‘ylashadimi? Albatta tashvish chekkanman. Lekin bu haddan oshish ekanligini aniq ko‘rgach, to‘xtamadim. Qarindoshlar yig‘ilishib, meni ko‘ndirmoqchi bo‘ldi. Hammasi mening qo‘limda ekanligini ro‘kach qilib, ishni bosdi-bosdi qilishni so‘radi. Men barcha qarindoshlarim, farzandlarim, do‘stlarimni bu yerda daxlsizlar bo‘lmasligi haqida ogohlantiraman. Butun mamlakat oldida! Televizor orqali!” — deya ta’kidladi prezident.
Eslatib o‘tamiz, Rohat Aliyev Qozog‘istondagi “Nurbank” rahbarlarini o‘ldirish va mol-mulkni talon-taroj qilish ishi bo‘yicha Avstriya qamoqxonasiga joylashtirilgan, 2015-yil 24-fevralda esa o‘z kamerasida osilgan holda topilgan edi.
Izoh (0)