O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva Angliyada bergan konsertlarining birida “Ushshoq”ni ijro etgan. Shunda old qatorda o‘tirgan nuroniy otaxon shunchalar berilib tinglaganki, konsert tugagach, Munojot Yo‘lchiyevaning yoniga kelgan, deb yozadi “Uz24.uz”.
Otaxon ko‘zda yosh bilan “Ishoning qizim, mumtoz ashulangiz menga davo bo‘ldi, bugun ilk marta o‘z oyog‘im bilan yurib ko‘chaga chiqdim”, — deb aytgan.U kishi ko‘p yillar falaj bo‘lib yotgan. Bir kuni unga do‘stlari ushbu ashula yozilgan diskni sovg‘a qilishgan. Otaxon har kuni “Ushshoq”ni eshitib, unga batamom maftun bo‘lgan. Qo‘shiqning ma’nosini so‘rab bilgach, oshuftaligi yanada ortgan. Bu haqda xonanda O‘zAga bergan intervyusida so‘zlab berdi.
Ma’lumot uchun, Munojot Yo‘lchiyeva o‘zbek mumtoz ashulalarining mohir ijrochisi. 1997-yili o‘tkazilgan “Sharq taronalari” I xalqaro musiqa festivalida maqom yo‘nalishida Alisher Navoiy g‘azali bilan aytiluvchi “Ushshoq”, Miskin g‘azali bilan “Ey, dilbari jononim” ashulalarini ijro etib, festival g‘olibi bo‘lgan.
Izoh (0)