“Yura davri olami” (“Jurassic World”) filmi to‘liqsiz bir haftadagi kassabopligi bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi. “TASS” xabariga ko‘ra, dastlabki namoyishi o‘tgan chorshanba kuni boshlangan film 15-iyun, dushanba kuniga qadar jahon prokatida 511,8 million dollar to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.
Shunday qilib, film kinematografiya tarixida birinchi haftaning o‘zida yarim milliard dollar to‘plagan ilk kartinaga aylandi. Bungacha bu boradagi rekord 2011-yilda ekranlarga chiqqan “Garri Potter va O‘lim tuhfalari. 2-qism” filmiga tegishli edi – o‘shanda bu film bir haftada 483,2 million dollar to‘plagandi.
Amerikalik rejissyor Kolin Trevorrou tomonidan suratga olingan “Yura davri olami” filmi namoyishi bir qator davlatlarda chorshanba kuni, AQSHda esa payshanba oqshomida boshlangandi va hozirgi vaqtda 68 mamlakat kinoteatrlarida namoyish etilmoqda.
15-iyun, dushanba kuniga kelib film AQSHda 204,8 million, Xitoyda 100 million, Buyuk Britaniyada 29,6 million, Meksikada 16,2 million, Janubiy Koreyada 14,4 million, Fransiyada 12,5 million, Avstraliyada 12,1 million, Germaniyada 11 million dollar to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Filmni suratga olish uchun 150 million dollar sarflangan.
Bu “Yura davri xiyoboni” serialining to‘rtinchi qismi hisoblanadi. Serialning dastlabki filmi 1993-yili mashhur rejissyor Stiven Spilberg tomonidan suratga olingan. Hozirgi kunga qadar “Yura davri xiyoboni” seriali umumiy 2 milliard dollardan ortiq pul ishlagan.
Izoh (0)