Samarqand viloyati bo‘yicha 47 ta daraxtga “Davlat tabiat yodgorligi” maqomi berilgan, ulardan 33 tasi sharq chinori hisoblanadi, deb xabar qiladi “Uz24.uz”.
Misol uchun, Urgut tumanidagi “Chorchinor” mahalla fuqarolar yig‘inida 1000 yoshdan 1087 yoshgacha bo‘lgan 6 ta, ming yoshgacha bo‘lgan 4 ta chinor daraxti Yer sayyorasidagi sanoqli daraxtlar sirasiga kiradi.
Xuddi shunday qadimiy chinorlar Tayloq tumanidagi “Payshanbasiyob”, Payariq tumanidagi “Xo‘ja Ismoil” mahallalari va Oqdaryo tumanida mavjud bo‘lib, ular orasida 500 dan 1000 yoshga yetganlari ham bor. Yuqoridagi chinorlarning barchasi muhofaza etiladi.
Shuningdek, Narpay tumanidagi 150 yoshli baobab, 120 yoshli do‘lana va 100 yoshli qayrag‘ochni, Qo‘shrabot tumanidagi 200 yoshdan oshgan tut daraxtini, Urgut tumanidagi 152 yoshli qrim qarag‘ayi va 105 yoshli yong‘oq daraxti ham “Davlat tabiat yodgorligi” maqomiga ega.
Samarqand shahri Universitet xiyobonidagi botqoq kiparisi esa O‘zbekistondagi eng noyob daraxtlardan biri hisoblanadi. 100 yoshdan oshgan bu daraxt YuNESKO muhofazasiga olingan. Bu haqda “Zarafshon” gazetasi ma’lumot bergan.
Izoh (0)