Migratsiya agentligi xorijdagi O‘zbekiston fuqarolariga murojaat bilan chiqib, qurolli mojarolarda ishtirok etish jinoiy javobgarlikka olib kelishidan ogohlantirdi.

“Qator davlatlarda mehnat migrantlarini qurolli harakatlarda ishtirok etishga yollash holatlari ko‘paymoqda. Bu hayotga, erkinlik va kelajakka xavf soladi”, deyiladi agentlik ogohlantirishicha.
Agentlik quyidagilar qat’iy ravishda taqiqlanishini eslatdi:
- qurolli mojaro va jangovar harakatlar olib borilayotgan hududlarga yaqinlashish;
- harbiy operatsiyalarda ishtirok etish;
- xorijiy davlatlarning qurolli kuchlari, xavfsizlik xizmatlari, harbiy adliyasi yoki boshqa kuch tuzilmalari safiga qo‘shilish;
- shubhali shaxslar, guruhlar yoki tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan yollash yoki jalb qilish (verbovka) takliflariga rozilik berish.
O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-1moddasiga (chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) muvofiq, xorijiy davlatlarda yollanma asosda harbiy xizmat o‘tash 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.
Xavf tug‘ilganda nima qilish kerak?
“Shubhali taklif yoki vaziyatlar yuzaga kelganda, darhol O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari yoki Migratsiya agentlikning vakolatxonalariga murojaat qiling” deya bildirdi Migratsiya agentligi va faqat qonun doirasida harakat qilishga chaqirdi.
“Xochu jit” (“Yashashni xohlayman”) loyihasiga ko‘ra, Rossiya 2025-yilda armiya bilan shartnoma tuzgan kamida 902 nafar O‘zbekiston fuqarosini urushga yolladi. Yollash ko‘pincha shantaj bilan birga kechishi mumkin.
Izoh (0)