KXDR yetakchisi Kim Chen Inning singlisi — 28 yoshli Kim Yo Chjon 50 kun ko‘rinmay ketib, birinchi marta omma oldida namoyon bo‘ldi, deya xabar bermoqda “TASS”. Koreya Markaziy telegraf agentligi xabariga ko‘ra, u harbiy qismlardan biri qoshidagi bog‘dorchilik xo‘jaligiga qilingan tashrif chog‘ida akasiga hamrohlik qilgan.
Aprel oyida Janubiy Koreya razvedkasi Kim Yo Chjon homiladorligi va may oyida ko‘zi yorishini taxmin qilgan edi. Koreya Respublikasi OAVlari uning uzoq vaqt davomida ko‘rinmay ketganini shu versiya bilan bog‘ladi va fotosuratlarda u “semirib ketgan” holatda bo‘lganini qayd etdi.
Kim Chen Inning singlisini so‘nggi marta 12-aprel kuni akasi bilan Pxenyan aeroportining ikkinchi terminali qurilishiga borganida ko‘rishgan.
Mahalliy OAVlar yozishicha, Kim Yo Chjon o‘tgan yili KXDRdagi eng obro‘li amaldorlardan biri — Bosh siyosiy boshqarma boshlig‘i Chxve Ren Xening o‘g‘liga turmushga chiqqan.
Izoh (0)