Shu yilning 27—30-may kunlari Toshkentda xalqaro ko‘lamda TextileExpo Uzbekistan-2015 hamda Farg‘ona shahrida 10—12-iyun kunlari O‘zbekistonda birinchi marotaba “O‘zbekiston infratuzilmasi — Farg‘ona vodiysi-2015” Xalqaro hududiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda “Turkiston-press”.
Ushbu ko‘rgazma oldidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda paxta tolasini qayta ishlash hajmi 50 foizga yetgan (o‘tgan yili 45%), bu 480 ming tonna demakdir.
Bugungi kunda mamlakatda to‘qimachilik va yengil sanoatga ixtisoslashgan 3000 dan ortiq korxonalar ro‘yxatga olingan.
TextileExpo Uzbekistan-2015 12-Xalqaro ko‘rgazmasida zamonaviy matolarni yaratish texnologiyalari, kattalar va bolalar kiyimlarini tikish vositalari, xorijning yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan furnituralari hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tayyor mahsulotlari namoyish qilinadi.
Joriy yilda TextileExpo Uzbekistan-2015 ko‘rgazmasida Belarus, Hindiston, Indoneziya, Xitoy, Latviya, Litva, Polsha, Turkiya, Rossiya hamda Yaponiya kabi mamlakatlardan 70 dan ortiq kompaniyalar ishtirok etadi.
Izoh (0)