BMT bosh kotibi Pan Gi Mun Misr sudining mamlakat sobiq prezidenti Muhammad Mursiy va “Musulmon birodarlar” yetakchilarini qatl etish to‘g‘risidagi hukmini tashvish bilan qabul qildi va jahon tashkiloti oliy jazoga keskin qarshi chiqishini eslatdi, deb yozadi “TASS”.
Bosh kotib rasmiy vakili o‘rinbosari Farxon Xak jurnalistlarga ma’lum qilishicha, Pan Gi Mun “apellyatsiya sudida hukmga qarshi chiqish uchun imkon borligini tushunadi”. “U protsessni diqqat bilan kuzatib boradi”, — deya ta’kidladi Xak.
Eslatib o‘tamiz, 16-may, shanba kuni ertalab Misr sobiq prezidenti Muhammad Mursiy va “Musulmon birodarlar” tashkilotining 105 nafar tarafdori o‘lim jazosiga hukm qilindi. Hukm quyidagi jinoyat ishlari yakuni bo‘yicha chiqarilgan: qamoqxonadan ommaviy qochish, davlatga xiyonat va o‘zga davlat foydasiga josuslik qilish. Davlatga xiyonat ishida Mursiyning ismi yo‘q edi. Misr sobiq prezidenti 2011-yili yuz bergan qamoqxonadan ommaviy qochish ishi bo‘yicha o‘limga hukm qilingan. Endi ushbu hukmni Misr oliy muftiysi tasdiqlab berishi kerak.
Izoh (0)