2015-yil mart oyi boshida taqdimoti o‘tkazilgan Samsung Galaxy S6 va S6 Edge smartfonlari bir qancha murakkab sinovlardan so‘ng, hozirgi kundagi eng kuchli konfiguratsiyaga ega bo‘lgan qurilmalardan biri nomini olgandi. Ammo hayotda foydalanish davomida ikkala modelning ham tez ishlashida muammolar borligi aniqlandi, deb xabar beradi “3dnews.ru”.
Smartfonning tezkor xotirasi 3 Gbayt bo‘lsa ham, noto‘g‘ri taqsimlanish tufayli u tezda to‘lib qolyapti. Natijada, tezkor xotirada 200–400 Mbayt bo‘sh joy qolganida, ba’zi dasturlar o‘z-o‘zidan ishini yakunlayapti.
Odatda Android operatsion tizimi tezkor xotirada faqatgina oldinroq ishga tushirilgan va foydalanuvchi tez-tez ishlatadigan dasturlarni qoldiradi, kam qo‘llaniladigan ilovalar esa xotiradan o‘chirib yuboriladi. Ammo Samsung Galaxy S6’da bunday bo‘lmayapti va buyruqlar o‘z vaqtida bajarilmay qolyapti.
Samsung kompaniyasi Twitter’dagi sahifasi orqali tez orada bu muammoni bartaraf etish uchun proshivkalar chiqishini ma’lum qilgan. Ungacha foydalanuvchining o‘zi kerak bo‘lmagan dasturlarni tezkor xotiradan o‘chirib turishi lozim.
Izoh (0)