Rossiya Markaziy Osiyodagi yadro qurolidan xoli hudud haqidagi shartnoma protokolini 27-aprel kuni Nyu-Yorkda yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan konferensiya boshlangunicha ratifikatsiya qilish siyosiy jihatdan to‘g‘ri deb hisoblaydi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov aytib o‘tdi, deb yozadi “TASS”.
“Hujjat yakuniy ravishda xalqaro huquqiy jihatdan rasmiylashishi uchun uni barcha yadro davlatlari ratifikatsiya qilishi kerak, — deya aniqlik kiritdi diplomat. — Ratifikatsiya jarayoni bizda ilg‘or bormoqda. Buyuk Britaniya va Fransiya protokolni ratifikatsiya qilib bo‘ldi”.
Eslatib o‘tamiz, 10-aprel kuni Rossiya Davlat dumasi Markaziy Osiyodagi yadro qurolidan xoli hudud haqidagi shartnoma protokolini qo‘shimcha shartlar bilan ratifikatsiya qildi. Ularga ko‘ra, Rossiya o‘ziga yoki uning qo‘shinlariga, shuningdek uning ittifoqdoshlariga hujum uyushtirilsa, o‘zini protokolda nazarda tutilgan holatlar bilan cheklangan deb hisoblab o‘tirmaydi.
2014-yil 6-mayda Nyu-Yorkda imzolangan hujjat yadro davlatlari — Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSh, Fransiyani Shartnomaga a’zo mamlakatlarga qarshi yadro qurolini qo‘llamaslik va uni qo‘llash haqida tahdid qilmaslikni yuklaydi.
Izoh (0)