AQShning Kaliforniya shtati San-Mateo shahrida yashovchi Sheyn Tush ismli oddiy elektrik Facebook’da foydalanuvchilarning o‘z joniga qasd qilishlari oldini oluvchi tizimning qanday ishlashini tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Rossiyskaya gazeta”.
Buning uchun u o‘z sahifasida xabar qoldirib, go‘yoki o‘zini o‘ldirmoqchi ekanligi va bunga bank kreditini to‘lay olmaganligi sabab bo‘lganini tushuntirdi.
Facebook’dagi ehtimoliy xudkushliklar haqida xabardor qilish tizimi 2011-yilda ishga tushirilgan. Odatda yangiliklar lentasida yoki shaxsiy xabarlarida foydalanuvchi do‘stlaridan biri o‘z joniga qasd qilmoqchi ekanligini ko‘rsa, u ushbu xabarni ijtimoiy tarmoqning maxsus xizmatiga jo‘natishi mumkin. Servis ishchilari dastlab so‘rovni ko‘rib chiqib, so‘ng potensial xudkushga kimdir u haqda xavotirlanayotganini yozib, o‘z yordamini taklif qiladi.
Sheynning do‘stlaridan biri xabarni ko‘rib, uni ijtimoiy tarmoq xizmatiga yubordi. Shunda avvaliga tajribachining sahifasi bloklandi, so‘ng Tushning uyiga politsiyachilar yetib keldi. Erkak huquq-tartibot xodimlariga bu shunchaki sinov ekanligini tushuntirishga harakat qildi, biroq ularni ishontira olmadi. Shu tufayli foydalanuvchi ruhiy kasalliklar shifoxonasiga keltirilib, u yerda ko‘plab protseduralardan o‘tib bo‘lgunicha, uch kun saqlandi.
Izoh (0)