Qirg‘iziston parlamentida eshaklarning ommaviy so‘yilishini tashkil qilishda ishtirok etgani uchun barcha mas’ul organlar mansabdorlarini javobgarlikka tortish taklif qilindi. Bu haqda agrar siyosat, suv manbalari, ekologiya va mintaqaviy taraqqiyot qo‘mitasi majlisida deputat Abdujafar Bekmatov aytib o‘tdi, deb yozadi “24.kg”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hech qaysi mas’ul organ yuzlab eshaklarni so‘ygan egasiz kushxonaga nisbatan chora ko‘rmagan. “Odamlarga eshak go‘shtini yedirishdi. Menimcha, mas’ul organlar rahbarlari bunday sharmandalikdan so‘ng iste’fo berishi kerak. Ularning barchasi jinoyat ishtirokchilari yoki kamida o‘z vazifalariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lgani uchun javobgardir”, — dedi Bekmatov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bishkek yaqinida poytaxtdagi qahvaxonalarga sotish uchun mo‘ljallangan eshak go‘shti aniqlangani xabar berilgan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, Chuy viloyati So‘quluq tumanidagi Manas qishlog‘ida eshak go‘shtini bo‘laklash bo‘yicha butun bir sex topilgan. Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, nimtalangan eshak go‘shtlari Bishkekdagi taniqli choyxonalarga kelib tushgan.
Chuy viloyati IIBB xabariga ko‘ra, avvalroq ushbu fakt bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, biroq u bosdi-bosdi qilib yuborilgan.
Izoh (0)