“Fili” tadqiqot roboti Churyumov-Gerasimenko kometasi yuzasida hayot paydo bo‘lishida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan organik moddalar molekulalarini aniqladi. Bu haqda tadqiqotda qatnashayotgan Germaniya agentligiga tayanib, The Wall Street Journal xabar bermoqda.
“Fili” sensorlaridan biri molekulalarni kometa atmosferasi tahlilidan so‘ng aniqlagan. Ulardan ba’zilari hayot uchun zarur bo‘lgan uglerod atomlariga ega.
Ayni paytda olimlar birikmalar tarkibini aniqlash maqsadida ma’lumotlarni tahlil qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Yevropaning “Rozetta” nomli zondi (atmosferaning yuqori qatlamlarini tekshirish uchun mo‘ljallangan apparat)ning tushiriladigan moduli — “Fili” 12-noyabrda Churyumov-Gerasimenko kometasiga qo‘ndi. Tarkibida “Fili” moduli bo‘lgan “Rozetta” apparati fazoga 2004-yil mart oyida Fransuz Gvianasida joylashgan Kuru kosmodromidan uchirilgan edi.
“Fili” kometa tuprog‘idan namunalar olish uchun maxsus qurilma, spektrometr, fotokamera va zarralarni tahlil qiluvchi uskunalar bilan ta’minlangan. Mazkur jihozlar 4,5 milliard yil avval paydo bo‘lganidan beri o‘zgarmay kelayotgan kometani o‘rganishga yordam beradi. Mutaxassislar mazkur noyob missiyaga “fazoviy arxeologiya” deb nom berdi.
Izoh (0)