Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinga Rossiyada ishlab chiqarilgan YotaPhone smartfonini sovg‘a qildi. Bu haqda Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovga tayanib, Mail.ru xabar berdi.
Putin smartfonni Xitoydagi uchrashuv doirasida hadya qilgan. Smartfonga Rossiya, Xitoy va Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy ittifoqi ramzlari yuklangan bo‘lgan.
Smartfonning yangi modeli yaqinda Sochidagi yopiq namoyishda taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu qurilmaning o‘ziga xos jihati smartfonning oddiy ekranidan tashqari, uning orqa tomonida elektron siyoh texnologiyasida ishlangan oq-qora displey borligidir. Bu uni kitob o‘qish qurilmasi sifatida ishlatish imkonini beradi. Shu bilan birga, siyohli ekranda asosiy ekranga chiqadigan ma’lumotlar ham aks etadi.
Rossiyaning Yota Devices kompaniyasi o‘zi ishlab chiqqan YotaPhone smartfonining ilk modelini o‘tgan yil oxirida taqdim etgan edi. Yota Devices’ning minoritar aksioneri bo‘lgan “Rostex” korporatsiyasi rahbari Sergey Chemezov yangi telefonni Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevga namoyish qilgan, qurilma “100% Rossiya mahsuloti” ekanini ma’lum qilgandi. Keyinroq Chemezov ushbu telefonlarning Singapurda yig‘ilishi, ekranlari Xitoy va Yaponiyada yasalishini ta’kidlab, o‘z ma’lumotiga tuzatish kiritgandi.
Izoh (0)