Ukraina tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federatsiyasi oliy rahbariyatining prezident Vladimir Putin ishtirokida Qrimda majlis o‘tkazish rejasini nomaqbul deb topdi. Bu haqda Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Danila Lubkivskiy bayonotiga tayanib, “Segodnya” nashri xabar berdi.
“Qrim noqonuniy ravishda bosib olingan. U yerga Rossiya Federatsiyasi rahbariyatining tashrif buyurishi nomaqbuldir”, — dedi Lubkivskiy.
Nashrning eslatishicha, Rossiya OAVlari 14-avgust kuni Putin Qrimga tashrif buyurib, vazirlar va Davlat dumasi deputatlari oldida nutq so‘zlashi haqida xabar bergan edi.
Davlat dumasi deputatlari mahalliy aholi bilan muloqot qilish uchun 12-avgustdayoq Qrimga keladi, asosiy tadbir esa 14-avgustga rejalashtirilgan: Putin va Medvedev bilan uchrashish uchun Davlat dumasi Yaltada to‘liq tarkibda yig‘iladi.
Eslatib o‘tamiz, Qrim mart oyida Rossiya tarkibiga qo‘shilgan, biroq na Ukraina, na BMT va na YeXHT yarim orolning ajralib chiqishini tan olmoqda. Oliy Rada raisi Aleksandr Turchinov Qrimning Ukraina tarkibidan chiqishi mamlakatga 100 milliard dollar miqdorida zarar yetkazganini ta’kidlamoqda. Ukraina rahbariyati Qrimning mamlakat nazoratiga qaytishiga ishonmoqda.
Izoh (0)