Moldova politsiyasi, Axborot xavfsizligi tizimi va Elektron aloqalarni tartibga solish agentligi TikTok’dagi 443 ta kanalning faoliyatini to‘xtatishni talab qildi. Bu haqda huquq-tartibot organlari ma’lum qilgan.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur kanallar yolg‘on axborot tarqatib, milliy xavfsizlik va ijtimoiy barqarorlikka tahdid solgan.
Ta’kidlanishicha, o‘nlab kanallar Moldovaning harbiy mojaroga tortilishi va askarlarning taxminiy yo‘qotishlari haqida ma’lumot tarqatgan, boshqalari esa kelgusi saylovlarda soxtalashtirishlar bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan. Kanallarning bir qismi alohida jamoat arboblariga, hokimiyatdagi partiyaga va davlat muassasalariga qarshi tashviqot olib borgan.
“Hukumat aholini internetdagi ma’lumotlarni tekshirish va ularni faqat rasmiy hamda ishonchli manbalardan olish zarurligi haqida ogohlantirmoqda. Noto‘g‘ri axborot milliy barqarorlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solmoqda, shu bois unga qarshi kurashish davlat idoralarining asosiy vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Milliy politsiya, ANRCETI va SIS manipulyativ kampaniyalar ta’sirini cheklash va fuqarolarni yolg‘on ma’lumot tarqatishning salbiy oqibatlaridan himoya qilish bo‘yicha hamkorlikdagi sa’y-harakatlarini kuchaytirishni davom ettirmoqda”, deyiladi xabarda.
Ushbu kanallar 1,2 milliondan ortiq obunachiga ega bo‘lib, ularning video lavhalari 4,5 milliondan ortiq marta ko‘rilgan.
AQSHda 19-yanvardan TikTok’ni taqiqlash ko‘zda tutilgan qonun kuchga kirgandi.
Izoh (0)